Sat. Apr 20th, 2024

3 dekabr Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan shahrimizdagi barcha imkoniyati cheklangan fuqarolar va bolalar tarbiyasiga ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasalari tarbiyalanuvchilariga alohida e’tibor ko‘rsatildi.

Shodiyona tantanalar saroyida o‘tkazilgan tadbirda shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov ham ishtirok etib, mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan nogironlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, xususan shahrimizda nogironlarni imtiyozli uy-joy bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlarda bo‘layotgan misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda bir qator imkoniyati cheklangan hamshaharlarimizga nogironlik aravachalari va shahar hokimligining sovg‘alari topshirildi. Ishtirokchilar uchun badiiy dastur namoyish etilib, kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Xususan, 9-maktab-internatda tashkil etilgan tadbirda bolajonlarga sovg‘alar hadya etildi. Internatda Prezidentimiz tomonidan olg‘a surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan to‘garaklarning ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Shaxmat, rassomchilik, kitobxonlik, komp’yuter texnologiyalari va hunarmandchilik yo‘nalishlari namoyish etildi.

Badiiy dastur doirasida tarbiyalanuvchilar ertaklardan turli sahna ko‘rinishlari namoyish etib, vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar va milliy raqslar ijro etdilar.

5-maktab-internat tarbiyalanuvchilari uchun Ipak yo‘li tantanalar saroyida dasturxon yozilib, o‘quv qurollari, o‘yinchoqlar va boshqa esdalik sovg‘alari tuhfa etildi. Bolajonlar uchun badiiy dastur namoyish etilib, turli interaktiv o‘yinlar va viktorinalar o‘tkazildi.