Thu. Apr 18th, 2024

Ushbu ma’lumot Qo‘qon shahar xotin-qizlar qo‘mitasining 2019 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida o‘qib eshittirildi. Yig‘ilishda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, shuningdek, xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan ishlash, malakasini oshirish, tizimga malakali kadrlarni jalb etish hamda faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo‘lgan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan ayollarning manzilli ro‘yxatlarini tuzish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida 70 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari olib borildi. Homiylar bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari yetkazib berildi. Nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga Respublika Xotin-qizlar jamoat fondi tomonidan 16 ta nogironlik aravachasi, 9 ta eshitish moslamasi, 3 ta boshqa reabilitasiya moslamalari yetkazib berildi. 7 nafari respublika va viloyat sihatgohlariga yuborildi.

Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, qishloq joylardagi yosh oilalarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislar tomonidan 2019 yilda xonadonma-xonadon yurish orqali 2225 nafar ishsiz ayollar aniqlangan. Shulardan ishlash istagini bildirgan 1 125 nafar xotin-qizlardan 1011 nafarining bandligi ta’minlandi, shundan 118 nafari og‘ir ijtimoiy vaziyatda yashab kelayotgan ayollarni tashkil etadi.

Xotin-kizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, birinchi navbatda huquqbuzarlikka moyilligi bo‘lganlar bilan yakka tartibda ish olib borish hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitasiyasi va moslashuvi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirildi:

Qo‘qon shahrida 2019 yilning davomida 98 nafar xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davrida 119 tani tashkil etgan.

Jinoyat sodir etgan ayollarning oilasi alohida nazoratga olinib, ijtimoiy holati, farzandlarining ta’lim tarbiyasi, oila a’zolarining bandligi o‘rganib chiqilib, o‘rganish natijalari yo‘l xaritalariga kiritilgan va monitoring ishlari olib borilmoqda.

Yig‘ilishda shuningdek, oilalarni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ayollarning salomatligini mustahkamlash va ular o‘rtasida sportni ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi. Yil davomida o‘z faoliyatida boshqalarga namuna bo‘lgan qo‘mita a’zolariga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.